Senat: mehribonlik uylarining bitiruvchilarini uy-joy bilan ta’minlash uchun davlat budjetidan 50 millard so‘m mablag‘ ajratildi

29-iyun kuni Oliy Majlis Senatida “Har bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini ta’minlash maqsadida noinstitutsionallashtirish Milliy strategiyasini yaratishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish so‘zi bilan ochib bergan tadbirda mamlakatimizda bolalar omdudsmani instituti faoliyat boshlagani hamda bolalar mehnatiga mutlaqo chek qo‘yilgani qayd etildi.
Anjumanda keltirilgan statistik ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil 1-yanvar holatiga respublika bo‘yicha jami 71,6 ming nafar bola vasiylik va homiylik organlari nazoratiga olingan. 2019 yilning 1 martidan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to‘lanadigan nafaqa miqdori 1,3 barobarga oshirilgan. Hamda Senat tashabbusi bilan joriy yilda davlat budjetidan 50 millard so‘m mablag‘ ajratilib, mehribonlik uylarining 900 nafar bitiruvchilarini uy-joy bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, chin yetimlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni “Mehribonlik” uylariga joylashtirish eng so‘nggi chora ekanligiga, bunday bolalarni oilalar tarbiyasiga berish birlamchi vazifa ekanligiga alohida e’tibor qaratish belgilangan.






