Senat Raisi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan uchrashdi

Joriy yilning 15-mart kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar xususida ma’lumot berib o‘tildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda xalqning fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganilib, aholining barcha qatlamlari, keng jamoatchilik ishtirokida umumxalq muhokamasi orqali tayyorlangani aytib o‘tildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi chog‘ida jami 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, har to‘rtinchi taklif loyihada o‘z aksini topgani, muhimi, yangilangan konstitutsiyaning asosiy qismini aynan inson huquqlari va erkinliklariga oid normalar tashkil etgani ta’kidlandi.
Oliy Majlis Senati Raisi BMTning Inson huquqlari boʼyicha Oliy komissari Folker Tyurk bilan uchrashuvda taʼkidlashicha:
“Oʼzbekiston inson huquqlari sohasida xalqaro tamoyillarga sodiq boʼlib, oʼz qonunchiligini xalqaro standartlarga izchil muvofiqlashtirib bormoqda. Bu jarayonda xalqaro tashkilotlarning gender zoʼravonlikka barham berishga oid tavsiyalari alohida diqqatimiz markazidadir. Hozirda oiladagi zoʼravonlikni qonunan jinoyat deb eʼtirof etish sari qatʼiy bormoqdamiz va bu muhim qadam boʼyicha pozitsiyamiz oʼzgarmaydi!"
Muloqot chog‘ida BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari orqali mamlakatning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda parlamentning rolini oshirish yuzasidan hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi.
Folker Tyurk O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash borasida erishilgan natijalarni va hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, Oliy komissar O‘zbekistonning mojaro zonalaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularni jamiyatga reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlariga yuksak baho berib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab davlatlar uchun namuna ekanini ta’kidlab o‘tdi.






