Senat raisi «BMT – ayollar» tuzilmasining vakili bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva “BMT – ayollar” tuzilmasining vakili Ulziysuren Jamsran bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va “BMT-ayollar” tuzilmasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish, xususan, ushbu tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini yana-da faollashtirish, kelgusida uning gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan ilg‘or tajriba markazini O‘zbekistonda tashkil etish va boshqa istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Senat Raisi T.Narbayeva keyingi yillarda xotin-qizlar manfaatlarini taʼminlash borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMT tavsiyalari inobatga olinayotganini taʼkidlab o‘tdi. “BMT-ayollar” tashkiloti bilan hamkorlik esa Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti tashkil etilishi bilan tizimli tus olganligini alohida qayd etdi. Umuman, BMT institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar doirasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlar, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘la mos kelishi aytib o‘tildi.

O‘z navbatida U.Jamsran O‘zbekiston jahon hamjamiyatida gender tenglikni taʼminlashda eng faol davlatlardan biri sifatida aniq chora-tadbirlarni, jumladan, 2021-yilda tasdiqlangan 2030-yilgacha bo‘lgan gender tenglikka erishish bo‘yicha Strategiyani amalga oshirayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Hamkorlikning yangi noyob yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surib, buni O‘zbekiston xalqaro maydonda ham ilg‘or tashabbuslarni ilgari surgan xolda barchaga namuna bo‘ladigan standartlarni joriy qilayotgani bilan izohladi.

Yuqoridagi fikrlar kelib chiqib, Toshkent shahrida ilg‘or tajriba markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu markaz O‘zbekiston tajribasini global miqyosda ilgari surishga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.

Suhbat yakunida O‘zbekistonda va “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yana-da kuchaytirishga kelishib olindi.