Senat Raisi Tanzila Narbayeva АQSh Davlat kotibi oʼrinbosari Uzra Zeya bilan uchrashdi

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʼzbekiston delegatsiyasi АQShga tashrifning ilk kunida АQSh rasmiylari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralari vakillari bilan bir qator uchrashuv hamda muzokaralar oʼtkazdi.

Xususan, АQSh Davlat kotibining Fuqarolar xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari masalalari boʼyicha oʼrinbosari Uzra Zeya bilan uchrashuv chogʼida tomonlar mamlakatda majburiy mehnatga barham berish, odam savdosining oldini olish va unga chek qoʼyish, qishloq xoʼjaligi sohasini isloh qilish, bu borada xalqaro tuzilmalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʼzaro hamkorlik qilish boʼyicha koʼrilayotgan huquqiy hamda institutsional chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlat kotibi oʼrinbosari mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholadi, Oʼzbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida aql bovar qilmas yutuqlarga erishganini, Qoʼshma Shtatlar mamlakatimizdagi oʼzgarishlarning ijobiy dinamikasini qoʼllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini taʼkidladi.

Uning fikricha, erishilgan yutuqlar toʼqimachilik sohasida jahon bozorida Oʼzbekistonning raqobatbardoshligini mustahkamlaydi.

U.Zeya Davlat departamentining odam savdosi toʼgʼrisidagi maʼruzasida Oʼzbekistonning oʼrni “nazorat ostidagi roʼyxat”dan ikkinchi darajaga (Tier-2) koʼtarilganini qutlar ekan, ushbu saʼy-harakatlar davom ettirilishiga umid bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oʼzbekistonda mehnat munosabatlarini yanada yaxshilash uchun yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.