Senat Raisi va RF Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi o’rtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi

Bugun, 28-noyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi V.Volodinni qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat oʼrtasidagi hamkorlik aloqalari, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, transport-logistika, agrosanoat, ilmiy-texnik sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish hamda parlamentlararo hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Senat Raisi T.Narbayeva soʼnggi yillarda ikki davlat oʼrtasidagi parlamentlararo hamkorlik sohasidagi yutuqlar, jumladan, shu yilning oktabr oyida Samarqand shahrida boʼlib oʼtgan MDH Parlamentlararo Аssambleyasining kuzgi sessiya yakunlari hamda ushbu sessiya MDH parlamentlari oʼrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichini boshlab berganiga toʼxtalib oʼtdi.
Oʼz navbatida, Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi raisi V.Volodin parlamentlar imkoniyatlari doirasida ikkala davlat rahbarlari darajasida qabul qilingan qarorlarning ijrosini taʼminlash muhimligini taʼkidlab, bugungi kunda Oʼzbekiston Rossiyaning muhim iqtisodiy sherigi ekanligiga, mamlakatlar oʼrtasida savdo aylanmasi oʼsayotganligi va bundan kelib chiqib, transport, sanoat, turizm va boshqa sohalarda aloqalarni kuchaytirish zaruratiga urgʼu berdi.
Uchrashuv davomida Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.






