Senat raisi: Yangi ish o‘rinlari yaratish hisobot uchun bo‘lmasligi kerak

Senat yalpi majlisida Navoiy va Samarqand viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama etildi.

Mazkur viloyatlarda ishsizlikni kamaytirish borasida muayyan natijalarga erishilgan. Xususan, qariyb 120 ming ishsiz fuqaroga mehnat organlari tomonidan bandlik xizmatlari ko‘rsatilgan. 31 ming nafar fuqaro bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirilgan.

Shu bilan birga yangi ish o‘rinlarini yaratishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Ish o‘rinlari to‘g‘risidagi umumiy hisobotni shakllantirishda takrorlanuvchi raqamlarni chegirib tashlash, soliq organi va Yagona milliy mehnat tizimi elektron maʼlumotlari bazasiga muvofiqligini taʼminlash ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Jumladan, Samarqand viloyatida turizm yo‘nalishida yakka tartibda tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish hisobiga yaratilgan 5,2 ming ish o‘rni bir vaqtning o‘zida tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida yaratilgan ish o‘rinlarida ham takror qayd etilgan.

Senat raisi Tanzila Narbayeva ushbu masala yuzasidan fikr bildirib, yangi ish o‘rni yaratish hisobotbozlik uchun bo‘lmasligi kerakligiga eʼtibor qaratdi. Baʼzan bir millionlab ish o‘rni yaratildi, degan hisobotlar beriladi, lekin bu yoqda odamlar xorijga ish izlab ketayotgan bo‘ladi. Bunday holatlarga chek qo‘yish, yangi ish o‘rinlari real yaratilishi, qolaversa, bu ish o‘rni ishga kiruvchining manfaatdorligini ham taʼminlashi kerak.

Albatta, hisobotlar ham kerak. Lekin turli idoralar hisobot yig‘adi, ammo ular baʼzan bir xil raqamlarni qamrab oladi va yakunda raqamlar amaldagidan ko‘payib ketadi. Mana shunday tafovutlarni yo‘q qilish kerak. Elektron tizimlarni mukammal ishlab chiqish orqali bunga erishish zarur.

Yangi ish o‘rinlari yaratgan ayrim tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatdan o‘tganiga bir-ikki oy bo‘lishiga qaramay, faoliyatini to‘xtatib qo‘yganligi qayd etildi.