Senat Raisi YeXHTning amaldagi raisi bilan istiqboldagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Joriy yilning 3-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa xavsizlik va hamkorlik tashkiloti raisi, Polsha Respublikasi tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Senat Raisi T.Narbayeva mehmonlarni tashrif bilan qutlab, mamlakatimizda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan keng koʼlamli islohotlar, Oʼzbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari va parlamentlararo hamkorlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Jumladan, Oʼzbekiston va Polsha oʼrtasidagi uzoq yillik doʼstona munosabatlar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy-madaniy va parlamentlararo hamkorlik yangi bosqichga koʼtarilganiga alohida urgʼu berildi.
Shuningdek, Oʼzbekistonning YeXHT bilan hamkorlik masalalariga, tashkilot loyihalarini mamlakatimizda amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlarga toʼxtalib oʼtildi.
Muloqot davomida istiqboldagi rejalar va loyihalar ham muhokama qilinib, hamkorlik aloqalarini kelgusida yanada mustahkamlashga kelishib olindi.






