Senatda elchilarning hisobotlari tinglandi

Bugun, 14-oktabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʼmitasining kengaytirilgan majlisida Oʼzbekistonning Saudiya Аrabistoni Podshohligi, Oʼmon Sultonligi, Quvayt va Isroildagi elchilarining hisobotlari tinglandi.

Eshituvda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, davlat korxonalari rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va OАV vakillari ishtirok etdi.

Oʼzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, shu jumladan, toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalarni jalb etish, eksportni kengaytirish va respublika hududlariga turistlar oqimini koʼpaytirishga qaratilgan aniq loyihalar, ularning ijrosi boʼyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Ochiq muhokamada diplomatik missiyalarning keng koʼlamli masalalari va ustuvor vazifalari koʼrib chiqilib, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Xorijda respublikaning iqtisodiy manfaatlarini targʼib qilish borasidagi tizimli kamchiliklar koʼrsatib oʼtildi.

Elchixonalar tashabbusi bilan boshlangan mamlakatimiz hududlaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi muammolarga alohida eʼtibor qaratildi.

Senatorlar elchixonalar tomonidan siyosiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yoʼnalishlarida muayyan ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, diplomatik missiyalar rahbarlarining iqtisodiy diplomatiya yoʼnalishidagi faoliyatida amaliy natijalar yoʼqligi tanqid qilindi.