Sergelida yangi yoʼl va yoʼl oʼtkazgich harakatlanish uchun ochildi

Sergeli tumanidan shahar markaziga yetib borish vaqti qisqardi.
Bugun, 20-oktyabr kuni Choʼponota koʼchasidan Toshkent halqa yoʼligacha qurilgan 2 kilometrlik trassa harakatlanish uchun ochildi.
Sergeli bilan Yakkasaroy tumanini bogʼlaydigan qoʼshimcha yoʼl loyihasi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Choʼponota koʼchasidan Toshkent halqa yoʼligacha qariyb 2 kilometrlik trassa qurib bitkazildi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Uning Kichik halqa yoʼli ustidan oʼtgan qismida 788 metrlik koʼprik va Toshkent halqa yoʼliga tutashgan joyida ikkita 207 metrlik yoʼl oʼtkazgich barpo etilgan.
Mazkur yangi koʼcha Toshkentning eng yirik transport arteriyalari – kichik va katta halqa yoʼllari bilan kesishadi. Transportlarning yangi koʼprikka chiqishi ham, undan tushishi qulay, hech qanday svetofor yoki qayrilib olishsiz, boshqalarga xalaqit bermagan holda, keyingi yoʼnalishga qoʼshilib ketish mumkin.
Аyni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida jadal ish olib borilmoqda. Toshkent halqa yoʼlidan Qipchoq koʼchasigacha boʼlgan 4 kilometrdan ziyod yoʼl qurilmoqda.
6 qatorli mazkur yoʼl va koʼpriklar soatiga 12 mingtagacha avtotransportni oʼtkazish quvvatiga ega boʼladi. Shu tariqa, Sergeli tumanidan shahar markaziga yetib borish vaqti oldingi 40-50 daqiqa oʼrniga 20 daqiqani tashkil qiladi. Yangi Sergeli koʼchasidagi tirbandlik ikki baravarga qisqaradi.






