Shahrullo Mahmudov OOAF vitse-prezidenti lavozimiga qayta saylandi

Bugun, 5-yanvar kuni Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo ogʻir atletika federatsiyasining (OOAF) hisobot-saylov Kongressi boʻlib oʻtdi. Unda OOAF rahbariyatining yangi tarkibi shakllantirildi. Oʻzbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari, mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov OOAFning vitse-prezidenti etib qayta saylandi.
Ovoz berish natijalariga koʻra, tashkilotning amaldagi prezidenti Yusuf Al Mana rahbarligini davom ettiradigan bo’ldi. Shuningdek, Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud OOAFning birinchi vitse-prezidenti, Muhammad Al Harbi esa OOAF Bosh kotibi lavozimiga saylandi.
Bugun saylangan va tasdiqlangan rasmiylar Parij-2024 Olimpiadasigacha boʻlgan davr mobaynida oʻz lavozimlarida faoliyat yuritishadi. Qayd etish joizki, Shahrullo Mahmudov bungacha ham OOAFning vitse-prezidenti, shuningdek, Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib borgan edi.






