Shanxaydagi blokirovka Teslaning zarar ko‘rishiga sabab bo’lmoqda

AQSHning elektromobil ishlab chiqaruvchi “Tesla” kompaniyasi Shanxayda joriy qilingan blokirovka rejimi sabab 40 mingga yaqin avtomobilini yo‘qotdi.

Kompaniyaning Shanxaydagi zavodida ishlab chiqarish 28-mart kuni to‘xtatilgan. Bungacha zavod kuniga o‘rtacha 2,1 ming dona avtomobil ishlab chiqargan. Ayni vaqtda shaharda koronavirus tarqalishi sababli joriy qilingan cheklov choralari qachon bekor qilinishi noma’lumligicha qolmoqda.

Xitoyning barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilari, agar Shanxaydagi blokirovka davom etsa, may oyida ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Agar karantin choralari yaqin atrofdagi shaharlarga ham joriy etilsa, vaziyat yanada jiddiylashishi mumkin. Bu esa avtomobil butlovchi qismlar yetkazib berishni cheklaydi.

Ma’lumot uchun: “Tesla”ning Shanxaydagi zavodi eksport va ichki bozor uchun ”Model 3” va “Model Y” elektromobillarini ishlab chiqaradi.