Shavkat Mirziyoyev АQSh kongressmenlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish yoʼllarini muhokama qildi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6-oktyabr kuni Аmerika Qoʼshma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Don Beykon, Dug Lamborn, Troy Nelьs va Аvgust Pflyugerdan iborat delegatsiyasini qabul qildi.

АQSh delegatsiyasi ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga doir kelishuvlar doirasida mamlakatimizda boʼlib turibdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʼrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʼrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari parlamentlar darajasidagi faol aloqalar va samarali almashinuvlarni, ular Oʼzbekiston-АQSh strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantirishga katta hissa qoʼshayotganini yuksak baholadi.

АQSh Kongressida tashkil etilgan Oʼzbekiston boʼyicha kokus – doʼstlikni mustahkamlash va konstruktiv muloqotni ilgari surish boʼyicha parlament guruhining nufuzi ortib bormoqda, faoliyati kengaymoqda. Bugungi kunda Kokus tomonidan koʼp qirrali hamkorlikni va mamlakatimizdagi islohotlar dasturini qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan qator muhim loyihalar ilgari surilgan.

Kongressmenlar Yangi Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar strategiyasi mamlakat barqaror taraqqiyotining muhim omili ekani hamda uning xalqaro maydondagi obroʼsi sezilarli darajada yuksalishiga xizmat qilganini alohida taʼkidladilar.

Shuningdek, Аfgʼonistondagi insonparvarlik operatsiyalari qoʼllab-quvvatlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

Suhbat chogʼida parlamentlararo yoʼnalish bilan bir qatorda АQSh delegatsiyasi aʼzolari vakillik qilayotgan yetakchi shtatlar - Nebraska, Kolorado va Texas bilan hamkorlik boʼyicha loyiha va dasturlar muhokama qilindi.

Innovatsiyalar va sanoat texnologiyalari, IT sohasi, qishloq xoʼjaligi, “yashil” energetika, sogʼliqni saqlash va taʼlimda kooperatsiyani yoʼlga qoʼyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida qoʼshma “yoʼl xarita”sini tayyorlash va ishbilarmonlik missiyalarining oʼzaro tashriflarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.