Shavkat Mirziyoyev: Ayollarga bitta yaxshilik qilsak, o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi

Xalqaro kongress markazida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayollarni samimiy tabriklab, ularga yuksak ehtiromini bildirdi.

"Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulug‘ ne’mati, tengsiz mo’jizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi", dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz tashabbusi bilan jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan, obro‘-e’tiborli ayollarni o‘z safida birlashtirgan “Oqila ayollar” harakati tashkil topmoqda. Shuningdek, barcha mehnat jamoalarida xotin-qizlarning muammolariga samarali yechim topish uchun “Ayollar kengashlari” tuzilmoqda.

Tadbirkor xotin-qizlarni yanada ko‘paytirish maqsadida “Bizneschi ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasida 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatini beradi.

Tariximizda ilgari bo‘lmagan bunday keng ko‘lamli ishlar ijrosi uchun 15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

"Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi", deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-martdagi farmoniga muvofiq bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan, Prezident qaroriga binoan esa yigirma sakkiz nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan mukofotlangan edi.

Bayram tadbirida ushbu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.