Shavkat Mirziyoyev Bokudagi sammitda qanday global muammolarni ko‘tardi?

Shavkat Mirziyoyev bugun Bokuda bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati Aloqa guruhi sammitida so‘zga chiqdi. O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida jahon kun tartibidagi bir qancha o‘tkir masalalarni ko‘tardi.

1.Global favqulodda vaziyatlar oqibatlarining oldini olish

“Tahlillar shuni koʻrsatadiki, soʻnggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashishdan tashqari, iqlim oʻzgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen ofatlarning halokatli oqibatlariga ham duch kelmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2030-yilgacha Senday dasturi asosiy maqsadlariga erishish bo‘yicha Global platforma asosida faoliyatimizni yanada kuchaytirish tarafdori”. – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev global favqulodda vaziyatlar oqibatlarining oldini olish uchun Qo‘shilmaslik harakatining maxsus Monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratish va ushbu institutni O‘zbekistonda tashkil qilishni taklif qildi.

2.Yaqin Sharq mintaqasi va Afg'onistondagi nizolarni hal qilish

Prezidentimiz mazkur muammolarni xalqaro miqyosda tizimli muvofiqlashtirish va samarali hal etishda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari asosiy rol o‘ynashi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, u BMTni isloh qilish jarayonida Qoʻshilmaslik harakati aʼzolari Xavfsizlik kengashida doimiy oʻrin topishi kerakligini alohida aytib o’tdi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Qoʻshilmaslik harakati aʼzolari tomonidan afgʻon muammosini hal etish algoritmini kelishish uchun BMT huzurida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga umid bildirdi.

3.Davom etayotgan iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatish

“Biz barchamiz global savdo aloqalarining zaiflashishi, sanoat va ta’minot zanjirlari uzilishining salbiy ta’sirini bevosita his qilyapmiz.

Afsuski, bunday og‘ir sharoitda bu salbiy ta’sirning asosiy yuki aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushadi”, – dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.

Bu masalani hal etish va “aqlli” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun Prezident Qo‘shilmaslik harakati sammitlari arafasida ushbu tashkilotning Iqtisodiy forumlarini muntazam o‘tkazib turishni taklif qildi.

4.Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash

“Yoshlarning sifatli ta’lim va kasb-hunar egallashi, tibbiy xizmat va sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar keskin qisqartirilmoqda. Ayniqsa, yosh avlodning kelajak hayotda munosib o‘rin egallashiga ishonchi yo‘qolib borayotgani tashvishli”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, u oʻtgan yili Toshkentda yoshlar taʼlimi va tarbiyasi boʻyicha ikkinchi jahon konferensiyasi boʻlib oʻtganini qoʻshimcha qildi.

Prezident kelasi yili O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakati yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni Samarqandda o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.