Shavkat Mirziyoyev: Har qanday mukofot el-yurt e’tirofi, Vatan ishonchidir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq, davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan ko‘plab vatandoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. Shuningdek, mamlakatimiz bilan hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan katta hissasi uchun bir guruh chet el fuqarolari “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. 30-avgust kuni Ko‘ksaroyda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami va mukofotlar bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.
“Davlatimizning oliy mukofotlarini siz, azizlarga topshirish men uchun ham katta sharaf. Fursatdan foydalanib, barchangizni, joylarda mukofotlarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizni chin yurakdan tabriklayman”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirda, davlatimiz rahbari mukofotlarni tantanali ravishda o’z egalariga topshirdi.
“Har qanday mukofot bu avvalo, el-yurt e’tirofi, Vatan ishonchidir. Bugun ko‘ksingizda yaraqlab turgan orden va medallar barchangizga buyursin, sizlarni yangi yutuq va marralarga chorlasin. Ilohim, mana shunday xursandchilik kunlarimiz ko‘p bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin”, – deya tilak bildirdi Prezidentimiz.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, ayollar va yoshlar ishtirok etdi.






