Shavkat Mirziyoyev: Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar qatag‘on qurbonlarini yod etish uchun yig‘ildi. Qur’on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.
Vatanimiz fidoyilarini aynan Mustaqillik bayrami kunlarida yod etishda katta ma’no bor. Bu xalqqa xizmat hech qachon unutilmasligini, el-yurtimiz ozodligi va tinchligi qadrini yana bir bor anglatadi.
2001-yildan buyon 31-avgust “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Jadid bobolarimizning ruhlarini shod etish, hayoti va merosini o‘rganishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. O‘tgan yili “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilingan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda uning filiallari ochildi.
Bu yil muzeyda jadid talabalar Germaniyaga o‘qishga yuborilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan ekspozitsiya tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari muzeyga kirib, mazkur ko‘rgazma bilan tanishdi.
“Bu yerga har gal kelib, e’tibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan. Istiqlolimizga 31 yil bo‘lgani bilan bobolarimiz 100 yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Tahlil bo‘lgan. Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi bo‘lgan. 2-3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xalqimiz ozodligi, haqiqat va adolat yo‘lida o‘z jonini fido qilgan shahid ajdodlarimizning xotirasi ham hamisha barhayotdir. Davlatimiz rahbari hali bu tarix oxirigacha o‘rganilmagani, qatag‘on qurbonlarini aniqlash va xotirasini tiklash bo‘yicha izlanishlarni davom ettirish kerakligini ta’kidladi.






