Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishini boshlab berdi

9-noyabr kuni Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida barchani ushbu tarixiy voqea bilan tabriklab, loyihaning ahamiyati haqida gapirdi.

“Bizning o‘z yo‘limiz, niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Bugun qilayotgan tarixiy ishlarimiz o‘zining katta natijasini berishiga ishonamiz. Ana shu ishonch bizga kuch-qudrat beradi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilda yurtimiz boks bo‘yicha jahon chempionati hamda qit’a miqyosidagi ko‘plab turnirlarga mezbonlik qiladi. Kutilayotgan anjumanlardan eng nufuzlisi Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlaridir. Bu musobaqalar 2025-yilda Toshkentda o‘tkaziladi. Unda qit’amizdagi 45 mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashadi.

Aytish joizki, bunday nufuzli xalqaro musobaqa O‘zbekiston tarixida birinchi marta tashkil etiladi. Uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida zamonaviy Olimpiya shaharchasini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu loyiha bilan bir necha bor tanishib, ko‘rsatmalar bergan edi. Bu tavsiyalar bosh loyihachi – Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan takomilga yetkazildi.

“Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishiga ishonaman. Bu maskan me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyod. Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi.

Tadbirda taniqli sportchilar, federatsiyalar rahbarlari, soha faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari jam bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.