Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston yoshlarini tabriklab ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun 7 ustuvor vazifalarni belgilab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumiga tashrif buyurdi.

Forumda davlatimiz rahbari yoshlarning ilm-fan, texnologiyalar, adabiyot, san’at kabi sohalarda erishayotgan natijalarini aks ettiruvchi ko‘rgazma va namoyishlarni ko‘zdan kechirdi. Va barcha yigit-qizlarni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan tabrikladi.

-Siz bilan har safar uchrashganimda bir narsani takrorlashdan charchamayman: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Ko'rib turganingizdek, dunyoda zamonaviy ilm-fan va kasblarni o'rgangan, o'zlashtirgan va yosh avlodni shu ruhda tarbiyalagan o'sha xalqlar va davlatlar jadal rivojlanmoqda. Biz O'zbekiston yoshlarining bunday yuqori darajaga ko'tarilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratamiz.

Shuningdek, mamlakatimiz ravnaqi va uning xalqaro obro'sini oshirishda munosib hissa qo'shyotgan yoshlarni orden va medallar bilan taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

-Bilimli yoshlar - kelajak poydevori. Bugungi harakatlaringiz bilan o‘z kelajagingizga asos solyapsizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbir yakunida Prezident O'zbekistonning yosh avlodini har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun 7 asosiy vazifani belgilab berdi:

1) Har o‘quv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini ta’minlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Hamda viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari yoshlarning muammolarini hal qilishga mas’ul bo‘ladi.

2) Joriy yilda oliy ma’lumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularning kamida 150 tasi bo‘yicha bunday talab bekor qilinadi Ushbu tashabbus yosh avlodni yanada ko‘proq ish bilan ta'minlashga qaratilgan.

3) Maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

4) Ekinlari yetishtirish uchun yerlarni 10 yil muddatga ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa, yana 500 ming qishloq aholisi doimiy ish bilan ta'minlanadi.

5) Yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar va lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruksiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etiladi.

6) Respublikamizning ko'plab mintaqalarida axborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun texnoparklar barpo etiladi. Shuningdek, yoshlarning startap g‘oyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga budjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratamiz. Viloyat hokimlari yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan g‘oliblarga mahalliy budjetdan grantlar berib boradi. Bitta grantning summasi o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi.

7) Milliy bank, Yoshlar bilan ishlash agentligi, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi nufuzli oliy o'quv yurtlari bilan birgalikda yosh avlodni tadbirkorlikka jalb qilish uchun biznes maktabini yaratmoqchi. Bundan tashqari, xorijdagi yoshlarimizga Vatanimizga qaytib ishlash, o‘z biznesini tashkil etish, uy-joy sharoitlari bo‘yicha yordam berishga qaratilgan ishlar yo‘lga qo‘yilishi kerak. Ana shu ishlarni moliyalashtirish maqsadida budjetdan qo‘shimcha ravishda 100 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Shunday qilib, mamlakatimiz Prezidenti O'zbekistonning yosh avlodini har tomonlama qo'llab-quvvatlamoqda, chunki davlatimiz rahbarining o'zi ta'kidlaganidek, O'zbekistonning rivojlanishi yoshlarimizning rivojlanishi bilan bevosita bog'liqdir.