Shavkat Mirziyoyev O‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali ishtirokchilariga tabrik yo'lladi

16-noyabr kuni Turkmanistonning Toshhovuz viloyati maʼmuriy markazida qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochish maqsadida tashkil etilgan turkman va oʻzbek xalqlari doʻstligi festivalining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev festival ishtirokchilariga tabrik yo'lladi.
«Avvalambor, Turkmanistonning betakror Dashoguz shahrida bo‘lib o‘tayotgan bugungi do‘stlik festivali yuksak darajada tashkil etilgani uchun Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga hamda barcha tashkilotchilarga o‘zimning chuqur minnatdorligimni izhor etaman.
Hech shubhasiz, o‘zaro tarixiy-madaniy aloqalar o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi bo‘lib kelmoqda. Chin qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu muhim tadbir esa elu yurtlarimizning umumiy ezgu maqsadlari va orzu-intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.
Ishonchim komilki, ikki qardosh va azaliy do‘st ellarimizning qalblarini bir-biriga chambarchas bog‘laydigan bu kabi madaniyat bayramlari hamjihatlikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan bundan keyin ham izchil davom etadi.» deb qayd etdi Shavkat Mirziyoyev o'z tabrigida.
Ma'lumot o'rnida, O‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning joriy yil iyul oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘idagi tashabbusi asosida tashkil etildi.






