Shavkat Mirziyoyev Quvayt, Ozarbayjon, AQSh, BMT va Bangladesh vakillari bilan qator uchrashuvlar o'tkazdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Quvayt tashqi ishlar vaziri, Ozarbayjon bosh vazirining o'rinbosari, AQSh prezidentining maslahatchisi Yelizaveta, BMT Bosh kotibining o'rinbosari va Bangladesh tashqi ishlar vazirini qabul qildi.

Quvayt Davlatining tashqi ishlar vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Saboh bilan uchrashuvda ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida qo‘shma tadbirlar dasturini tayyorlashga kelishib olindi.

Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafoyev bilan bo‘lajak oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazish, birinchi Hududlararo forumni tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

AQSh Prezidentining maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall boshchiligidagi delegatsiya tomonidan prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari AQSh ma’muriyati tomonidan yuksak baholanayotgani ta’kidlandi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Ijrochi kotibi Olga Algayerova bilan uchrashuv paytida O‘zbekiston va YeIK o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish borasida, jumladan, iqtisodiyot, savdo va transport, innovatsiyalar, ekologiya va boshqa sohalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abul Kalom Abdul Mo‘min bilan uchrashuvda almashinuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish orqali amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.