Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan airways transformatsiya strategiyasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-dekabr kuni «Uzbekistan airways» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda davlat rahbariga «O‘zbekiston havo yo‘llari»ni transformatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya haqida axborot berildi.

Unga muvofiq, aviakompaniyaga xalqaro tajriba asosida korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, havo kemalarini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yuk tashish tarmog‘ini kengaytirish choralari ko‘riladi. Xorijiy investorlarni jalb etgan holda aviakompaniyani jahon standartlari asosida xususiylashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi..

Prezident bu rejalarni ma’qullab, uning ijrosiga tezroq kirishish kerakligini ta’kidladi.

«Bu sohada o‘n yilga kechikkanmiz. Aviakompaniya eskicha uslubda ishlayapti, yo‘lovchilar xizmat sifatidan rozi emas. Agar iqtisodiyotimizni, turizmni rivojlantiramiz desak, yakkayu yagona yo‘limiz shu», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, «Uzbekistan airways» aksiyadorlik jamiyatini isloh qilish bo‘yicha turkiyalik mutaxassis Ilker Ayji jamoasi bilan ish olib borilmoqda. U «Turk havo yo‘llari» aviakompaniyasini boshqargan kezda uni mintaqaviy darajadan global miqyosga muvaffaqiyatli olib chiqqan.