Shavkat Mirziyoyev Xorazmda qurilayotgan 174 mln dollarlik ko‘prikni ko‘zdan kechirdi

Davlat rahbari ushbu ko‘prik loyihasi bilan o‘tgan yili dekabrda Xorazmga tashrifi chog‘ida tanishgan, ko‘p o‘tmay uning qurilishi boshlangan edi.
Bugungi kunda qirg‘oqlar temir-beton bilan mustahkamlanib, ko‘prikning tayanch ustunlari qurilmoqda.
Loyihaning qiymati 174 mln dollar bo‘lib, uning evaziga 80 km temir yo‘l va Amudaryo ustida 413 m uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi.
Prezidentimiz qurilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi.
Bu odamlar uzoq yillar kutgan loyiha. Endi yanada ko‘p yillar xalqimizga xizmat qilishi kerak. Shuning uchun birinchi o‘rinda sifat. Ajratilgan mablag‘ kichkina emas. Tajribali mutaxassislarni jalb etib, har bir jihatni o‘ylab, elimga, yurtimga deb qurish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu infratuzilmalarning samaradorligi juda yuqori. Masalan, Xorazm viloyati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi temir yo‘l masofasi 240 kmga, vaqti esa 6 soatga qisqaradi. Mahalliy yuk tashish hajmi yiliga 12 mln tonnadan 25 mln tonnaga oshadi. Shuningdek, xalqaro tranzitlar uchun ham qulaylik kengayadi. Avtomobillar harakati yaxshilanib, aholining uzog‘i yaqin bo‘ladi.
Shundan so‘ng prezident Urganch shahriga jo‘nab ketdi. Shavkat Mirziyoyev bugun Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazadi.






