Shavkat Mirziyoyev xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda favqulodda va muxtor elchilar - Falastindan Javad Avvad, Yaponiyadan Xatori Takashi, Qatardan Hasan Hamza Hoshim, Slovakiyadan Viktor Boretski va Pokistondan Ahmad Farukning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari mamlakatga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini qutlab, O‘zbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi. Prezident o‘z nutqida ochiq va pragmatik tashqi siyosatni amalga oshirayotgan Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda yangi marralarga erishayotgani, do‘stlar va ishonchli hamkorlar safini kengaytirayotganini bildirdi.

O‘zbekiston yetakchisi ziddiyatlar va mojarolar keskinlashib borayotgan murakkab xalqaro vaziyat sharoitida barcha mamlakatlar bilan o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni amalga oshirishning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

“Xalqaro hamjamiyat uchun yanada ochiq va samimiy hamkor bo‘lishga astoydil intilamiz. Buning uchun bizda siyosiy iroda, qat’iyat, eng muhimi, imkoniyat va yetarli salohiyat bor”, dedi Prezident.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlariga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Tadbir doirasida har bir elchi bilan qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi. Chet ellik diplomatlar ular vakillik qilayotgan mamlakatlar yetakchilarining O‘zbekiston rahbari va xalqiga salomi va ehtiromini yetkazdi.