Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi doirasida qator hujjatlar va kelishuvlar imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 19 noyabr kuni tashrif bilan Rossiyaga keldi.

Oliy darajadagi muzokaralar Kremlda bo‘lib o‘tdi.

Vladimir Putin uchrashuv avvalida davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi va kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

• O‘zbekiston nafaqat eng yaqin qo‘shnimiz, balki ittifoqdoshimizdir. Biz O‘zbekistonni aynan shunday qabul qilamiz, - dedi Rossiya Prezidenti. – Bu yirik mintaqaviy davlat bo‘lib, bizlarni tarix nuqtai nazaridan ham, bugungi kunda ham ko‘plab jihatlar bog‘lab turadi.

Bugun O‘zbekiston tovar ayirboshlash hajmining 18 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda. Tovar ayirboshlash ko‘paymoqda: pandemiyaga qaramay, o‘tgan yili 15 foizdan ko‘proqqa oshgan. Bu ko‘rsatkich hatto murakkab davrda ham hamkorlik qilayotganimizni, hamkorligimiz muvaffaqiyatli kechayotganini aniq-ravshan ko‘rsatib turibdi.

Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentiga taklif va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

– Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, keyingi yillarda munosabatlarimizda chinakam ulkan yutuqlarga erishildi – bunday ko‘rsatkichlar ilgari bo‘lmagan. Siz aytganingizdek, tovar ayirboshlash ortmoqda: to‘qqiz oy yakunida besh milliardni tashkil etdi, yil oxirida yetti milliard bo‘ladi. Munosabatlarimizda bunday raqam ilgari kuzatilmagan.

Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan suhbat yakunida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Muzokaralar yakunida Prezidentlar Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Tashrif doirasida jami 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.