Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi yakunlandi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapurga davlat tashrifini yakunlab, bugun tunda Toshkentga qaytib keldi.

Eslatib o’tamiz, Shavkat Mirziyoyev Singapurga davlat tashrifi doirasida jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Singapur milliy universiteti huzuridagi Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurdi.

Singapurning birinchi Bosh vaziri va ushbu mamlakat “iqtisodiy mo‘jizasi” muallifi Li Kuan Yu sharafiga nomlangan maktab davlat siyosati va xalqaro munosabatlar sohasida magistratura dasturlari asosida kadrlar tayyorlashga, ilmiy va siyosiy tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashgan.

O‘zbekiston Prezidenti huzurida O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi va Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolash marosimi bo‘ldi.

So‘ng Prezidentimiz Singapurning yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Singapur mehnat vaziri – savdo va sanoat ikkinchi vaziri Leng Si Tang, Singapur biznes federatsiyasi raisi Ming Yan Lim, ushbu mamlakatning Indorama, Meinhardt group, CPG Corporation, Changi Airports, Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti, TMC Academy, Virtus Health kabi 15 ta yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Singapur biznes forumining natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi: uning doirasida umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik yangi investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandi.