SHHT II-Iqtisodiy forumi: iqtisodiy rivojlanish va amaliy hamkorlik istiqbollari

Joriy yilning 16-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Raislik qilishi doirasida Toshkent shahrida II-Iqtisodiy forum o'z faoliyatini boshladi. Forumda davlat organlari rahbarlari, tashqi iqtisodiy faoliyatga masʼul vazirliklar, shuningdek, SHHT davlatlarining xalqaro tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

Qayd etish joizki, Iqtisodiy Forum mamlakatimiz tomonidan soʻnggi bir necha yil ichida olib borilgan va bu yil SHHTga raislik qilinayotgani munosabati bilan faollashgan koʻp qirrali tashqi iqtisodiy siyosatining mantiqiy davomidir. Ushbu formatdagi Forumni Toshkentda oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan SHHTning 2020-yilda Moskvada boʻlib oʻtgan sammitida ilgari surilgan edi.

Forumning asosiy vazifalari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini, shuningdek, SHHT makonida iqtisodiy rivojlanish va amaliy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, Forum ishtirokchi davlatlarining investitsiyaviy salohiyatini namoyish etish, barqaror rivojlanishni taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini oshirish boʻyicha aniq tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Forumda davlat organlari rahbarlari, tashqi iqtisodiy faoliyatga masʼul vazirliklar, shuningdek, SHHT davlatlarining xalqaro tashkilotlari vakillari ishtirok etadi. Uning dasturi Yalpi majlis va “SHHT doirasida istiqbolli investitsiyaviy loyihalar”, “Xalqaro kooperatsiya xususiyatlari va savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash”, “Raqamlashtirish davrida savdo-iqtisodiy hamkorlik”, “SHHT makonida «yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish» mavzularidagi toʻrtta panel muhokamalardan iborat.

Bundan tashqari, mehmonlar uchun SHHT Sanoat innovatsion yarmarkasi oʻtkaziladi. Uning maqsadi tashkilot mamlakatlarining innovatsion gʻoyalari, texnologiyalari va loyihalarini tijoratlashtirish uchun sharoit yaratishdir.