ShHT mamlakatlari ekspertlari axborot xavfsizligini taʼminlash masalalarini muhokama qiladi

Joriy yilning 6-sentabr kuni Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining axborot xavfsizligi boʼyicha ilmiy-ekspert forumi boʼlib oʼtadi.
Tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʼmitasi bilan hamkorlikda oʼtkazilmoqda.
Xorijiy ishtirokchilarni onlayn ulash orqali gibrid formatda tashkil etilayotgan axborot xavfsizligi masalalari boʼyicha muloqotda ShHTga aʼzo davlatlarning tegishli vazirlik, idoralari, ilmiy-akademik va tahliliy doiralari vakillaridan iborat 30 nafardan ziyod yetakchi ekspertlar jamlanishi kutilmoqda.
Ishtirokchilarning nufuzli tarkibi raqamlashtirish sohasidagi soʼnggi tendensiyalar va yutuqlarni muhokama qilish, shuningdek ShHT makonida inson huquqi va huquq ustuvorligini taʼminlash sharoitida axborot va kiber xavfsizlik sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashish boʼyicha ilgʼor milliy tajribani taqdim etish imkonini beradi.
Mazkur forumni oʼtkazish tashabbusi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 17-sentabr kuni ShHTning Dushanbe sammitida ilgari surilgan edi.
Аyni keng qamrovli masalalarni koʼrib chiqish uchun forum kun tartibi 3 mavzuga oid sessiyaga boʼlingan:
I. Аxborotdan foydalanish koʼlamini kengaytirish – zamonaviy jamiyatni rivojlantirishning muhim omili.
II. Аxboriy-gʼoyaviy xatarlar va bunday tahdidlarga qarshi samarali javob choralarini ishlab chiqish.
III. АKT jadal rivojlanishi sharoitida nozik axborot infratizimi obyektlarini himoya qilish.






