SHHT Samarqand sammitining yakuni bo’yicha OAV vakillari uchun matbuot anjumani uyushtirildi

Bugun, 16-sentabr kuni tarixiy mazmunga ega SHHT Samarqand sammitining yakuniga ko'ra, natijalari va unda imzolangan kelishuvlar borasida SHHT Bosh kotibi Chjan Min va O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov OAV vakillari uchun matbuot anjumani uyushtirdilar.
Qayd etilishicha, muzokaralar yakunlari boʻyicha rekord miqdordagi hujjatlar – Tashkilot faoliyatining istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni sifat jihatidan yangi amaliy mazmun bilan toʻldirishga xizmat qiladigan 40 dan ortiq kelishuvlar, konsepsiyalar, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari ShHT makonida inqirozli vaziyatlarni birgalikda bartaraf etish va barqaror rivojlanishga erishish uchun iqtisodiyot, savdo va investitisiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan o‘zgaruvchan zamonaviy voqelik sharoitida amaliy hamkorlikning samarali modellarini shakllantirishga qaratilgan ShHTning keng formatli yangi iqtisodiy muloqotini boshlash tashabbusi ilgari surildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yangi – “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusi”ning ilgari surilishi yetakchilarning bu galgi uchrashuvidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Sammit ishtirokchilari tinchlik va barqarorlikni, keng xalqaro hamkorlikni taʼminlash va insoniyatning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashishga qaratilgan ushbu tashabbusni bir ovozdan maʼqulladi.
Davlatimiz rahbari “Samarqand tashabbusi”ning birinchi xalqaro forumini kelasi yili shu yerda – qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi.






