SHHTga a'zo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining 4-Kengashi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 18-avgust kuni Toshkentda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) raisligi doirasida SHHTga a’zo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining to‘rtinchi Kengashi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tomoni raisligida o‘tgan kengashda SHHTga a’zo davlatlarning ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari rahbariyati va vakillari, shuningdek, SHHTning doimiy organlari ishtirok etdi. Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi-davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, INTERPOL, MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi, MDH a’zo davlatlarning terrorizmga qarshi kurashish markazi vakillari yurtimiz mehmoni sifatida tashrif buyurishdi.
Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi to‘g‘risida yuqori darajadagi o‘zaro kelishuvga erishildi.
Xalqaro maydonda o‘sib borayotgan beqarorlik va notinchlikni hisobga olgan holda, ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari yo‘nalishi bo‘yicha SHHT doirasida hamkorlikni yanada faollashtirish masalasi ham kengashning kun tartibidan o‘rin oldi.
Tomonlar SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish zarurligini qayd etib, ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklarining o‘zaro hamkorligi orqali SHHTning kelishuv-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratdilar. Tadbir so‘ngida Kengash bayonnomasi imzolandi.






