SHHTning navbatdagi Xotin-qizlar forumi Samarqandda o’tkaziladi

Joriy yilning 19-iyul kuni Oliy Majlis Senatida SHHTning navbatdagi Xotin-qizlar forumini Samarqand shahrida yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o’tdi.

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, Samarqand viloyati va Toshkent shahri hokimlarining o‘rinbosarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda 2021–2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligini samarali amalga oshirish doirasida tashkil etilayotgan mazkur Forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilindi.

Xususan, bu borada Forumga tayyorgarlik ko‘rayotgan ayrim vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Forum BRMning eng muhim yo‘nalishlaridagi gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha SHHTga aʼzo davlatlarning o‘zaro hamkorligini yana-da rivojlantirish va tajriba almashish, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, Forum o‘ziga xos platforma sifatida davlatlarning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Forum 2022-yilning 18-19-avgust kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.