Shifobaxsh «Xo‘jaykon» tuz g‘ori

“Xo‘jayikon” tuz g‘ori 1989-yilda ochilgan bo‘lib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani Ko‘xitang tog‘ tizmasi etaklarining janubi-sharqiy yonbag‘rida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan.
Ma’lumot uchun: Moddiy madaniy meros obyekti hisoblanadigan “Xo‘jaykon” tuz g‘orining ichki qismida san'at galereyalari tizimi bilan birgalikda bir-biridan harorat, namlik, bosim va mikroiqlim bo‘yicha farq qiluvchi beshta xona-kameralar mavjud. G‘or devorlari o‘ziga xos tarzda bir santimetrdan uch santimetrgacha tuz qatlami bilan qoplangan, o‘tish joyida tuz eritmali shifobaxsh buloq mavjud. Ushbu g‘or muhitida nafas yo‘llarining allergik kasalliklari, uzoq davom etadigan o‘tkir va surunkali bronxit, astma, pnevmoniya asoratlari, immuniteti pasaygan bemorlar va teri kasalliklarini davolashda foydali qo‘shimchalar mavjud.
Ayni vaqtda “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros obyektiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar mavjud. Xususan, ushbu obyektdan Surxondaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tarkibidagi Sherobod tumani tibbiyot birlashmasi xo‘jalik hisobidan tegishli asoslantiruvchi hujjatlarsiz foydalanib kelmoqda. Bu esa madaniy meros obyektining muhofazasini ta'minlashda bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
“Xo‘jaykon” tuz g‘ori madaniy meros obyektini asrab avaylash, uni davlat muhofazasiga olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli hamda 2021-yil 3-martdagi 119-sonli qarorlari bilan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani, Oqtoshota qishlog‘i, “Chorbog‘” MFYda joylashgan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros obyekti “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan.
Mazkur qarorlar doirasida “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros obyektining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi olingan.
Ta’kidlash lozim muzey-qo‘riqxona “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros obyekti xalqimizga yanada ko‘proq samara keltirishi va kelajak avlodga bezarar yetib borishi uchun bir qator tadbirlarni maqsad qilgan. Xususan, “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros obyektidan tibbiyot davolash maqsadida ham foydalanilib, davlat va hususiy sanatoriyalar bilan keng hamkorlik olib borilishi, xalqaro miqiyosdagi diqqatga sazovor joylardan biriga aylantirilishi, mahalliy va xorijiy tashrifchilarning eko va tibbiyot turizmi doirasida keng jalb etilishi, mablag‘ tushumlarining tartibga solinishi va mazkur mablag‘lar budjet mablag‘lari sifatida yo‘naltirilishi hamda eng asosiysi — mazkur madaniy meros obyekti davlat muxofazasida ishonchli saqlanishi uchun “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi balansida operativ boshqaruv huquqi asosida qoldirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.






