Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lishi kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti yakunlandi.

Bu tadbirga uzoq tayyorgarlik ko‘rilib, ham shifokorlar, ham bemorlarning fikrlari so‘ralgan edi. Jami 25 mingdan ziyod murojaatlar qabul qilindi. Ularning 8 mingdan ko‘pi shaxsiy bo‘lib, joyida hal etilmoqda. 17 mingtasi esa tizimga oid masalalardir.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ularni umumlashtirib, 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchi yo‘nalish – birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish;
ikkinchisi – tez tibbiy yordamni rivojlantirish;
uchinchisi – tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash;
to‘rtinchisi – soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;
beshinchisi – shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash;
oltinchisi – jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish;
yettinchisi – kasalliklarning oldini olishga qaratilgan.
"Biz xalqimiz salomatligi uchun har qancha mablag‘ va kuch-imkoniyat sarflashga tayyormiz. Shaxsan men uchun xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli. Lekin sohaga ajratilayotgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanilyaptimi? Meni shu savol ko‘p o‘ylantiradi. Soha rahbarlari har bir so‘mning qadriga yetishi, ularning samarasini odamlarimiz o‘z hayotida his etishi lozim", dedi Prezident.

Tizimda korrupsiyaga butunlay chek qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

"Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lishi kerak", dedi davlatimiz rahbari.

Ochiq muloqotda shifokorlar so‘zga chiqib, faoliyatida duch kelayotgan muammolar, taklif va mulohazalarini aytdi. Prezidentimiz ularni mutaxassislar ishtirokida muhokama qilib, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.