Shu yili quyosh energiyasiga asoslangan avtomobil dunyo yuzini ko'radi

Gollandiyaning Lightyear kompaniyasi joriy yilning kuzida quyosh panellari bilan jihozlangan dunyodagi birinchi avtomobil ishlab chiqarishini ma'lum qildi. Unga “Lightyear 0" deb nom berilgan.

Lightyear 0 ning tomi, kapoti va magistralida quyosh panellari joylashtirilgan bo’lib, ular mashina harakatlanayotganda (yoki to‘xtab turganda) quvvatlantiriladi. Yevropaga birinchi yetkazib berish noyabr oyida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Kompaniyaning ta'kidlashicha, mashina zaryadlash uchun to'xtamasdan taxminan 388 mil yura oladi va quyosh panellari hisobiga kuniga 44 milyagacha qo'shimcha masofaga ega bo'ladi. Taqqoslash uchun, bu Tesla Model 3 dan (374 milya) bir oz ko'proq, Kia Niro Long Range (285 milya) dan esa sezilarli darajada ko'p.

Lightyear ma'lumotlariga ko'ra, quyosh ostida o’tgan har bir soat batareyaga olti milya uchun yetarli zaryad qo'shadi. Ta'kidlanishicha, Ispaniya yoki Portugaliya kabi issiq joylarda, agar kundalik qatnovingiz 22 milyadan kam bo'lsa, yetti oygacha mashinani rozetkaga ulashingizga hojat qolmaydi. Gollandiya kabi bulutli iqlim sharoitida esa avtomobil ikki oydan keyin quvvatlanishi lozim bo‘ladi.

Mashina qimmat: sotuvga chiqarilgan modellardan biri 250 000 yevro (262 000 dollar) turadi, ya’ni, Ferrari Romadan bir oz ko'proq. Taqqoslash uchun, Nissan Leaf AQShda taxminan 27 000 dollar, Tesla Model 3 esa taxminan 50 000 dollar qiymatga ega.