Shvetsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 7-mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Shvetsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi Bosh direktori Patritsiya Dantsi oʼrtasida muzokaralar boʼlib oʼtdi.

Uchrashuv davomida Shvetsariya va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʼrtasida 2022-2025-yillarga moʼljallangan yangi hamkorlik dasturi doirasida amaldagi ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shvetsariya delegatsiyasi rahbari Oʼzbekiston tomonidan nisbatan qisqa vaqt ichida xalqaro va mintaqaviy munosabatlarni rivojlantirish, barqaror rivojlanishni taʼminlash kabi yoʼnalishlarda erishilgan ijobiy natijalarga yuqori baho berdi.

Markaziy Osiyo bilan 2022-2025-yillarga moʼljallangan hamkorlik dasturi doirasida Аgentlik tomonidan 240 million dollar ajratilishi eʼlon qilindi. Tomonlar hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlarini muhokama qilib, yangi hamkorlik dasturi doirasida ishlab chiqish uchun eng istiqbolli loyihalarni koʼrib chiqdilar.

Shuningdek, kasb-hunar taʼlimi va Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish yoʼnalishlari boʼyicha umumiy qiymati 31,7 million dollarlik 2 loyihani amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan qoʼshma chora-tadbirlar koʼrishga kelishib olindi.