Sirdaryo viloyatini ishsizlik yoʼq hududga aylantirish boʼyicha tashabbus boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʼjaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 6-oktabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Bu yil viloyatda 75 ming gektar maydonda paxta yetishtirildi. Аyni paytda qariyb 80 ming gektar yerga gʼalla ekilmoqda. Davlatimiz rahbari Sirdaryo tumanidagi “Аrslon bobo” va “Omonboy oʼgʼli Tugal” fermer xoʼjaliklari dalasini koʼzdan kechirdi.

Prezidentimiz shu yerda sirdaryolik fermerlar, nuroniylar bilan suhbatlashdi. Fermerlar qishloq xoʼjaligida imkoniyatlar kengayib, manfaatdorlik oshgani, majburiy mehnat tugatilgani, qoʼshimcha mahsulotlar yetishtirilayotganini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashdi. Ular mazkur fermer xoʼjaliklari dalasidan 0,5 gektardan yer olib, mosh, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirayotganini soʼzlab berishdi. Bundan olgan daromadi hisobidan universitetda oʼqish, uyini butlash rejalarini maʼlum qilishdi.

Shuningdek tashrif doirasida, Prezidentimiz Sayxunobod tumanidagi “Shukronalik moʼjizalari” fermer xoʼjaligi dalasida ham boʼldi.

Hamda shu yerda qishloq xoʼjaligi sohasi vakillari va mutasaddilari bilan muloqot o’tkazildi. Davlatimiz rahbari innovatsiya va nav evaziga hosildorlikni oshirish, suvdan oqilona foydalanish va hisobini yuritish zarurligini taʼkidladi. Fermer va ishchilarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, xususan, ular uchun kichik, arzon uylar qurish boʼyicha koʼrsatma berildi.