Siyosiy partiyalar tomonidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etildi

Joriy yilning 10 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tegishli hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi.
Qayd etish joiz, siyosiy partiya O‘zbekiston Prezidentligiga ko‘rstilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, jami saylovchilarning umumiy sonidan kamida bir foizining imzosini (taxminan 212 ming imzo) to‘plashi kerak.
Saylov kodeksining 38-moddasiga muvofiq, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli.
Imzo varaqasi imzoni to‘plagan shaxs tomonidan o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.
Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan teng nisbatda tanlab olinadi.






