SIZDA BOSHQA CHORA BORMI AYTING...

Bugun koronavirus so‘zini eshitganda kimningdir ko‘ngli bexuzur bo‘lsa, yana kimdir o‘zida qo‘rquvni his qiladigan darajaga kelib qoldi. Bunga sabab mavzuga oid turli-tuman, bazan esa bir-biriga zid bo‘lgan ma’lumotlarning tez tarqalayotgani va odamlarda havotir tuyg‘ularining tobora chuqurlashib borayotgani bilan bog‘liqdir.

Darhaqiqat, bugun ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekansiz go‘yo mavzuga oid ma’lumotlar jangiga duch kelgandek his qilasiz o‘zingizni.
Ayniqsa, COVID-19ga qarshi emlash bilan bog‘liq, hech qanday asosi yo‘q ma’lumotlarning tarqatilayotgani bu boradagi vaziyatning tobora chigallashishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Xo‘sh buning asosiy sababi nimada?
Nazarimizda, bugun emlash uchun tavsiya etilayotgan vaksinalarning tez fursatda yaratilib, sinov amaliyoti ham qisqa muddatda o‘tkazilgani, uning natijalari haqida keng jamoatchilikda fikr uyg‘onib ulgurmaganligi odamlar o‘rtasida vaksinaga nisbatan vahima va asossiz qarashlarning avj olishiga sabab bo‘lmoqda.

Biz qaysidir vaksinani yoqlab, ikkinchisini yomonlash yoki unga qarshi so‘z aytishdan yiroqmiz. Bu ishni mutaxassislarga havola etamiz. Faqat ba’zi mulohazalarimizni bayon etishga urinib ko‘ramiz.

Xo‘sh, aslida vaksina nima? Sodda qilib aytganda bu virusning jilovlangan shakli. Inson tanasiga yuborilgan vaksina organizmda unga qarshi kurashuvchi tanachalarni shakllanishaga sabab bo‘ladi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov vaksinaning ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan kasallikka qarshi kurashishda inson immun tizimida koronavirusga qarshi kurashuvchi tanachalarning qanchalik shakllanganligi muhimligi haqida gapirgan edi. Uni shakllantirish uchun esa ikkita yo‘l bor, biri vaksina olish, ikkinchisi esa kasallikni boshdan o‘tkazish.

Aholi soniga nisbatan olganda bugun O‘zbekistonda kasallanganlar soni hali juda oz. Demak, kasallikka chalinishdan ko‘ra vaksina qabul qilish ayni tig‘iz vaziyatda samaraliroq nazarimizda. Ammo gap shundaki, tavsiya etilayotgan vaksinalarning hech biriga hech kim kafolat bermayotganligidir. Ularni qabul qilganlar orasida ham qayta kasallanish holatlari qayd etilayotgani uchun ham odamlarda koronavirusga qarshi vaksinalarga bo‘lgan ishonch shakllanmay “o‘lib” qolmoqda.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra inson vaksina qabul qilganidan so‘ng ham kasallikka chalinishi — bu normal holat. Ular vaksinadan keyingi kasallanish og‘ir oqibatlarga olib kelmaydi deb hisoblashmoqda.

Ayni paytda keng jamoatchilik bir taraf, mutaxassislar bir taraf. Xo‘sh, ana shunday ishonchsizlik avj olgan pallada nima qilish kerak? Odamlarni vaksina olishga undash uchun bugun nima yetmayapti?

Ochig‘ini aytish kerak, bugun odamlar orasida tarqayotgan salbiy fikrlarga qarshi asosli javoblar yetishmayapti nazarimizda. Ba’zan mutaxasislar tomonidan berilayotgan ma’lumotlarga qarshi boshqa olimlar jamoasining qarshi fikr bildirish holatlari ham uchramoqda. Bu esa aholi o‘rtasida “hali mutaxassislarning o‘zi ham bir to‘xtamga kelmagan” degan fikrning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Aslini olganda shunday bo‘lishi tabiiy. Chunki, tezkor ravishda hayotga tadbiq etilgan vaksinalarning hech biri to‘la sinovdan o‘tmagani aniq. Chunki, yillar davomida shakllangan tajribaga ko‘ra turli sinovlardan o‘tgan vaksinalarnigina odamlarga qo‘llashga ruxsat etilishi bor gap. Ammo hozirgi vaziyatda o‘zbekcha aytganda tavakkal qilishdan boshqa chora qolmayapti. Chunki kasallikning tarqalishi avj olmoqda. Kecha keksalar va katta yoshdagilarni o‘z domiga tortgan viruv bugun ko‘proq bolalarga xujum qilmoqda. Kunlik kasallanish ko‘rsatgich mingtaga yaqinlashmoqda.

Bunday vaziyatda aholini vaksina olishga undashda ihtiyoriy majburiy funksiyasini qo‘llashdan boshqa chora qolmaydi.

Nima bo‘lganda ham koronavirus insoniyatni shoshirib qo‘ydi. Bu balo o‘z ta’sirini shu darajada tez o‘tkazmoqdaki, ba’zan insoniyat o‘z hatti harakatlarini nazorat qilishdan ham chetga chiqib qolmoqda. Turli choralarni qo‘llab ko‘rmoqda, cheklovlarni joriy etmoqda. Ammo kasallik avj olishda davom etmoqda. Demak, birdam-bir chora yana vaksina, vaksina va yana vaksina bo‘lmoqda. Sizda bundan boshqa chora bo‘lsa ayting...