Slovakiya Respublikasining faxriy konsulligi ochilish marosimi

2021 yil 8 noyabr kuni Toshkent shahrida Slovakiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Faxriy konsulligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsuli Vasiliy Shimkoga konsullik patentini tantanali ravishda topshirildi.

Vasiliy Shimko O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yashnobod innovatsion texnoparkining rezidenti “Chirana Asia” Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining rahbari bo‘lib, u Markaziy Osiyoda yagona jahon standartlariga mos o‘pkani sun’iy nafas oldirish uskunalari ishlab chiqarish zavodini tashkil etgan. Bugungi kunga kelib O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan o‘pkani sun’iy nafas oldirish uskunalari Ichki ishlar vazirligi gospitali, 1-sonli shahar shifoxonasi, «DMC»klinikasi va boshqa shifoxonalarda o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan 10 ming soatdan ortiq foydalanildi va ular o‘z samarasini namoyon etib ulgurdi.

Ushbu tayinlov Slovakiya Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi madaniyat va ta’lim sohalari bilan bir qatorda siyosat, investitsiya va iqtisodiyot sohalarida ham jadal aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Faxriy konsullikning tantanali ochilish marosimi hamda undan so‘ng taklif etilgan mehmonlarni qabul qilish Slovakiya Respublikasi Faxriy konsulligi binosida bo‘lib o‘tdi.