Sobiq Andijon shahar hokimiga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi

Andijon shahrining sobiq xokimi Baxrom Xaydarov va davlat byudjetidan 63 mlrd. so‘mni talon taroj qilganlikda ayblangan jami 45 nafar sudlanuvchiga nisbatan sud xukmi elon qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Sudining axborot xizmati xabariga ko'ra, 26-dekabr kuni Andijon viloyati hokimiyati va qator mansabdor shaxslarning davlat byudjetiga yetkazgan zarariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi.
Unga ko'ra, B. Xaydarovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari (o'zlashtirish yoki o'zlashtirish yo'li bilan o'g'irlash), 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (rasmiy qalbakilashtirish) va 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Qolgan 44 nafar sudlanuvchi sodir qilgan jinoiy harakatlari doirasida tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167, 168, 205, 207, 208, 209, 211, 28,211, 228 va 243 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga 4 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 yilgacha ozodlikni cheklash hamda 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish jazolari tayinlandi.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan 63 mlrd. so‘mdan ziyod miqdoridagi moddiy zararning 16 mlrd. so‘mdan ortig‘i qoplangan bo‘lib, zararning qolgan qismini sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.






