Sodiq Safoyev YeI ning Markaziy Osiyodagi vakili bilan uchrashdi

Bugun, 25-may kuni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari S. Safoyevning Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha vakili P. Burian bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Unda ikki tomonlama, jumladan, parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda P. Burian davlat va jamoat boshqaruvini, sud-huquq tizimini, aholini manzilli ijtimoiy muhofaza qilishni takomillashtirish, xavfsizlikni mustahkamlash va ko'plab sohalarni isloh qilish bo'yicha amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berdi. O'zbekiston tarixida birinchi marta BMT inson huquqlari bo'yicha Kengashi a'zosi etib saylangani alohida ta'kidlandi.

Tomonlar BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi majlisida Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish to'g'risidagi rezolyutsiyaning 75-sessiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.

Yevropa Ittifoqi bilan O'zbekiston o'rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi. "O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi" parlament hamkorlik qo'mitasi majlislari muntazam ravishda o'tkazilayotgani ta'kidlandi. Joriy yilning aprel oyi oxirida esa Yevropa parlamentida ilk bor "Yevropa Ittifoqi-O'zbekiston" do'stlik guruhi tashkil etildi.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyidan boshlab O'zbekiston preferensiyalar Plus ("GSP+") Bosh tizimining benefitsiar davlati maqomini olganligi, bu O'zbekiston-Yevropa munosabatlarini, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Joriy yilning iyun oyida Buxoroda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik xalqaro forumi o'tkazilishi ko'rib chiqildi.

Tomonlar "Yevropa ittifoqi-O'zbekiston" parlament hamkorlik qo'mitasining 15-majlisini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.