Soliqchilar jazolovchi emas, ko‘makchi bo‘lishi kerak – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasida sohani takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi unda soliq yukini kamaytirish va sohani raqamlashtirish vazifalari belgilandi.

"Biz inson qadrini ulug‘lashni e’lon qildik, xalqimizni rozi qilishga harakat qilayapmiz. Xalqimiz qachon rozi bo‘ladi? Soliq kam bo‘lib, daromadi oshsa, - dedi", Shavkat Mirziyoyev.

Xususan, 2026-yilga borib iqtisodiyotga soliq yukini 25 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, 2023-yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 12 foizgacha tushirish, keyinchalik yer va mulk soliqlarini birlashtirish mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.Buning natijasida jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi, «yashirin iqtisodiyot» hajmini kamaytirish uchun soliq to‘siqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.

“Men bu yerga soliq to‘lovchilarning vakili bo‘lib keldim”, dedi Prezident. Bizga hozir tushum oshishi asosiysi emas. Birinchi navbatda, tizimni to‘g‘ri qilib, bilmaganlarga o‘rgatib, soliq yukini kamaytirib, tadbirkorlarning emin-erkin, halol ishlashini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Soliqchilar jazolovchi emas, ko‘makchi bo‘lishi kerak.

Aytib o‘tilganidek, ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni o‘rgatish, elektron xizmatlar qamrovini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Soliq tizimi davlat korxonalarini transformatsiya qilishda faol ishtirok etishi, ularga tannarxni pasaytirish va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi kerakligi aytildi.

Davlatimiz rahbari soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutuda kadrlar tayyorlash sifatiga e’tibor qaratdi. Soliq idoralari xodimlarini tizimda joriy qilinayotgan yangi IT-dasturlar bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.