So’mning grafik belgisi tanlandi

O'zbekiston Markaziy banki milliy valyuta ramzini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovni yakunladi.

Fevral oyida Markaziy bank milliy valyuta ramzini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilgan edi. Tanlov doirasida milliy valyutaning o‘ziga xosligi, madaniy qadriyatlari va o‘zgacha xususiyatlarini aks ettiruvchi eng yaxshi grafik ishlarni aniqlash rejalashtirilgan edi.

Natijada 508 ta ijodiy loyiha tanlab olinib, maxfiylikni ta’minlash maqsadida har biriga individual kod berildi.

Barcha loyihalar texnik ekspertizadan o'tkazildi - tanlov mezonlariga muvofiqligi tekshirildi. Tanlov natijalariga ko‘ra 54 ta loyiha hakamlar hay’ati ko‘rib chiqishi uchun taqdim etildi.

Tanlovning yakuniy bosqichida Markaziy bank, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Intellektual mulk agentligi vakillari tomonidan loyihalar baholandi.

Tanlov hay’ati a’zolari tomonidan loyihalarni baholash quyidagi mezonlar bo‘yicha amalga oshirildi:

• o'ziga xoslik va originallik;
• universallik;
• ramziy va farqlovchi jihatlar;
• xarakterni turli formatlarda grafik idrok etish qulayligi.

Tanlov natijasida hakamlar hay’ati Jumagaldiev Sarvar tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgini O‘zbekiston milliy valyutasi belgisining o‘ziga xosligini yorqin ifodalovchi eng ijodiy loyiha sifatida tanladi.