Soʼnggi yillarda mamlakatimizda bogʼchalar soni 6 barobarga koʼpaydi – Prezident

Xabar berganimizdek, 14-noyabr kuni Poytaxtimizda erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʼyicha II Butunjahon konferensiyasi (WCECCE) o’z ishini boshladi. 150 ga yaqin davlatdan soha mutaxassislari, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashayotgan mazkur tadbirga bugun, 15-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari konferensiyaning ochilishida nutq soʼzladi.

Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida oʼtkazilayotgan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bagʼishlangan Butunjahon konferensiyasidagi nutqidan asosiy raqamlar:

Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor;
Yurtimizda yaqin oʼtmishda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʼrsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi;
Soʼnggi yillarda mamlakatimizda bogʼchalar soni 6 barobarga koʼpaydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bogʼchalar tashkil qilindi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga oʼsib, 160 mingga yetdi;
Bogʼchalarda taʼlim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov koʼlami 70 foizga chiqdi;
2025-yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz;
"Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan koʼrsatkichlarga erishish doirasida 2025-yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz", - deya qayd etdi Davlatimiz rahbari o'z nutqida.