SpaceX kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishi mumkin

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov SpaceX vakili Ben Mak-Ulyams bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

10 -may kuni “Space Technology Conference STC-2022” xalqaro konferensiyasi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov SpaceX kompaniyasi vakili Ben Mak-Ulyams bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, SpaceX hozirda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniya vakili O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida vazirlik xorijiy kompaniyaga O‘zbekistonda vakolatxona ochishni taklif qildi.

Suhbat chog‘ida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Bundan tashqari, “O‘zbekkosmos” agentligi va SpaceX o‘rtasida yuqori tezlikdagi keng polosali sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘iga ulanish uchun Starlink loyihasini O‘zbekiston bozoriga olib chiqish masalasi muhokama qilindi.

P.S. SpaceX - Amerika kosmik texnologiya kompaniyasi. Kompaniya 2002-yilda milliarder muhandis Ilon Mask tomonidan tashkil etilgan.