Sportni rivojlantirishga qaratilgan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” va velosiped yo‘llari tashkil etildi.

Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o‘g‘il-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.

Ma’lumki, shu yil 14 mart kuni boks bo‘yicha Bahodir Jalolov, gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarini tashkil etishga doir Prezident qarorlari qabul qilingan edi. Yig‘ilishda shu borada amalga oshiriladigan ishlar ham taqdimot qilindi.