SSV aholiga niqob taqishni, allergiv va astma bilan kasallanganlar tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda

 
Kecha yurtimizda kuchli shamollar tufayli mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisalari kuzatilganidan xabaringiz bor. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 5 barobar oshdi.
 
Gidrometeorologiya xizmati markazi prognoziga ko‘ra, bugun, ya’ni 5 noyabr kuni ham Toshkent shahrida shamol tezligi 5-10m/s, respublikamizning boshqa joylarida esa 7-12m/s darajasiga yetishi qayd etilgan.
 
— Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak.
 
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.