SSV: Bolalar orasida koronavirus avj olayotgani haqidagi xabarlar asossiz!

Ijtimoiy tarmoqlarda "yosh bolalar orasida koronavirus infeksiyasi koʼpayib bormoqda" mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Sogʼliqni saqlash vazirligi bu maʼlumotlarning haqiqatga zid ekanligini maʼlum qiladi.
Vazirlik xabarida qayd etilishicha, bolalar orasida oʼtkir respirator kasalliklar va koronavirusga chalinishning soʼnggi koʼtarilishi oʼtgan yil kuz oylariga toʼgʼri kelgan. Oʼsha paytda Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar uchun 500 ta qoʼshimcha shifo oʼrni yaratilgan edi. Hozir holat barqaror boʼlib, xastalanish koʼrsatkichlari keskin kamaygan.
Аgar bolalar orasida koronavirus yoki boshqa oʼtkir respirator kasalliklar ortishi kuzatilsa, bu boʼyicha rasmiy axborot beriladi.
“Hurmatli yurtdoshlar! Qishki iqlim sharoitida farzandlaringizning salomatligiga, ayniqsa, kiyinishi va ovqatlanishiga jiddiy eʼtibor bering! Bu xildagi feyk xabarlarga ishonmang!”,- deya qayd etiladi O’zbekiston Sogʼliqni saqlash vazirligi xabarida.






