Strategik sheriklik uchun mustahkam poydevor

17-dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidentining Seul shahridagi “Chong Va De” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy martabali mehmon va uning rafiqasi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Tantanali marosimda Tonggi soflik mamlakatining qadimiy tarixi va yorqin zamonaviyligi o‘z aksini topdi.

So‘ng davlat rahbarlari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Koreya Respublikasi Prezidenti oliy martabali mehmonni qutlar ekan, Seul Toshkent bilan hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirib, ochiqlik va o‘zaro ishonch ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

Uchrashib turganimizdan juda mamnunman. Davlat tashrifi bilan go‘zal Koreyaga kelishga taklif qilganingiz va har doimgidek iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorman. Hozir ob-havo sovuq, lekin koreyalik birodarlarimizning qalbi qaynoq. Biz mamlakatingiz va koreys xalqiga alohida bir samimiyat bilan qaraymiz. Mentalitetimiz, an’ana va ma’anaviy qadriyatlarimiz o‘xshash. Sizning “Yangi siyosat”ingiz yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, innovatsion va “yashil” taraqqiyot sohalarida yurtingiz yetakchiligini mustahkamlash, iste’dodli koreys xalqining ulkan intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qildi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Davlat rahbarlari to‘rtinchi bor uchrashmoqda. 2017 yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘ldi. 2019 yil aprel oyida Prezident Mun Chje Inning O‘zbekistonga javob tashrifi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida Alohida strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. 2021 yil yanvar oyidagi onlayn sammitda esa yetakchilar o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirish bo‘yicha qator yangi va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdilar.

Koreyaga bu galgi tashrif faol muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Kelgusi yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi O‘zbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini nishonlaydilar.

Davlatimiz rahbari 2022 yilni “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilishni, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va san’at uyi qoshida kutubxona tashkil etishni taklif etdi.

Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Koreyaning ko‘plab masalalar yuzasidan qarashlari o‘xshashdir. Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-biriga ko‘maklashmoqda. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishini, shuningdek, 2023 yilda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasini o‘tkazish joyi sifatida Samarqand nomzodini qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Koreyaning 2024-2025 yillarda BMT Xavfsizlik kengashi muvaqqat a’zosi bo‘lish niyatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” forumining mintaqamiz barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashishdagi o‘rni kuchayib borayotganini yuqori baholadi.