Suriya AQSHdan tovon puli talab qilmoqda

Suriya xalqaro hamjamiyatni AQSh va uning ittifoqchi kuchlari tomonidan Suriya xalqining tabiiy boyliklari talon-taroj etilayotganiga chek qo'yishga chaqirmoqda. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi maxsus bayonot bilan chiqdi.

“Suriya AQSh bosqinchi kuchlarining harakatlarini qoralaydi va mamlakat shimoli-sharqidagi konlardan noqonuniy neft eksporti oqibatida yetkazilgan iqtisodiy zararni qoplashni talab qiladi. Suriya xalqiga tegishli tabiiy boyliklarni talon-taroj qilish xalqaro gumanitar qonunlarga zid va bu fuqarolarning qashshoqlashishi hamda azoblanishiga olib keladi”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, AQSh terrorchi guruhlarni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatishi va qoʻshinlarini Suriya hududidan olib chiqib ketishi kerak.

Vazirlikka koʻra, Suriyaning neft hamda gaz sohasidagi yoʻqotishlari 2022-yil oxiriga kelib 107,1 milliard dollarni tashkil qilgan.