Surxondaryoda 1 kg pilla hosili uchun 25 ming so‘mdan to‘lab berilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Sharipov Surxondaryo viloyatida ipak qurti parvarishining uchinchi va to‘rtinchi mavsumi jarayonlari bilan bevosita tanishmoqda.
Mamlakatimizning janubiy hududi sanalmish Surxondaryo viloyatida kasanachilar tomonidan yetishtirilgan pilla hosili qabuli boshlandi. Viloyatda 3060 quti ipak qurti urug‘i shartnoma asosida tarqatilgan edi. Bir quti ipak qurtini parvarishlagan kasanachi xonadonida kamida 2-3 nafar odam ish bilan band bo‘lmoqda. Ya’ni, Surxondaryoning o‘zida uchinchi va to‘rtinchi mavsumlarda 8 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlandi.
Viloyat pillakorlari tomonidan 122 tonnalik pilla xirmoni bunyod etish maqsad qilingan. Pilla qabuli jarayonida kasanachilarga yetishtirgan 1 kg pilla hosili uchun tarozining ustida 25 ming so‘mdan ish haqi to‘lab berilmoqda.
Pillakorlar yetishtirgan hosilning o‘rtacha ko‘rsatkichi bir quti ipak qurti urug‘idan 40 kg ni tashkil etayapti. Ammo, bir quti ipak urug‘idan 50-60 kg gacha pilla yig‘gan mehnatkash pillakorlar ham bor.
Xalqimizning shunday fidoyi vakillaridan 11 nafari “Surxon ipagi” MCHJ pillachilik klasteri tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.






